...because open source matters

ZAMONDOSH.UZ

  • Increase font size
  • Default font size
  • Decrease font size

Olma

E-mail Print PDF

Ko‘pchilik olmada temir moddasi va C vitamini ko‘p, uni oshqozonida yarasi bor kishilar eyishi mumkin emas, deb o‘ylaydi. Aniqlanishicha, olmada temir moddasi juda kam. Askorbin kislotasi ham ko‘p emas. C vitamini esa olmaga qaraganda apelsinda o‘n barobar ko‘p.

Olma oshqozon yarasini davolashda juda foydali. Ayniqsa, yurak xastaligi, gipertoniya, qoni quyuqlashganda aspirin qabul qiladigan bemorlar hazm qilish a’zolarida yara paydo bo‘lishining oldini oladi. Italiyalik olimlarning ta’kidlashicha, olma aspirinning oshqozon shilliq qavatiga salbiy ta’sirini yo‘qotadi. Buning uchun aspirindan keyin olma eb yuborish kerak. Bo‘g‘imlari og‘riydigan bemorlar ham ko‘p olma iste’mol qilishi tavsiya etiladi. 

Olma tarkibidagi nitratlar so‘lak bezlarida azot oksidi hosil qiladi. Bu esa oshqozonni nafaqat yara paydo bo‘lishi, saraton kasalligidan ham asraydi. Shu bilan birga, olmada katexinlar va xlorogen kislotalar borligi aniqlangan. Ular nitratlarning yomon asoratlariga barham beradi. Shunga ko‘ra, muntazam olma yegan odam xastalikdan o‘zini asraydi.

Olma oshqozon-ichak tizimi uchun nihoyatda foydali. Uning tarkibidagi moddalar yo‘g‘on ichak va jigarda saraton hujayralarining ko‘payishiga to‘sqinlik qiladi. Tibbiy tekshiruvda olma bo‘tqasi boshqa mevalarnikidan ancha kuchli ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Olimlar olma po‘stidan bo‘tqa tayyorlashdi. Aniqlanishicha, bu bo‘tqa saratonga qarshi eng yaxshi samara berar ekan. Sababi, unda antioksidantlar juda ko‘p. Kuchli antioksidant hisoblanadigan flavonoidlar olma po‘stida mevasiga qaraganda 2-3, fenol kislotalar esa 2-6 barobar ko‘p ekan. Demak, olmaning po‘stini archmasdan iste’mol qilish foydali.

Ingliz olimlari har doim olma yeb yurgan kishida bronxial astma kasalligiga chalinishning oldi olinishini ta’kidlashmoqda.

Olmaning o‘pka va nafas olish tizimi kasalliklariga juda foydaliligini niderlandiyalik olimlar 13 ming kishini ko‘rikdan o‘tkazish orqali aniqlashdi. Ularning fikricha, olma va nok nafas olish tizimiga eng yaxshi ta’sir ko‘rsatadi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, olma yurak va qon-tomir tizimi xastaliklarida foydali. Shuningdek, infarkt, insult, ateroskleroz kasalliklarining oldini olish xususiyatiga ega.


Tohir IBROHIMOV,
tibbiyot fanlari doktori, professor

 

View all articles (Count articles 688)
kiritilgan ( Shanba, 20 Oktabr 2012 16:01 )